Adamed Pharma kompaniyasi Pabyanitsedagi ishlab chiqarish quvvatini oshirmoqda
Pabyanitsedagi fabrika faoliyatini kengaytirish orqali Adamed oʻz ishlab chiqarish quvvatini 2 milliard dona tabletkadan (2020) 4 milliard dona tabletkagacha (2027) oshiradi va jarayonlar avtomatlashuvi va robotlashuvi darajasini koʻtaradi. Ishlarning yakunlangan birinchi bosqichining bosh pudratchisi – ALSTAL Grupa Budowlana kompaniyasidir.
Innovatsiyalar va investitsiyalar – Adamed Pharma S.A. rivojlanish strategiyasining ustunlaridir. Kompaniyaning ilmiy-tadqiqot faoliyati zamonaviy davolash usullari va laboratoriya va texnologiya infratuzilmasi loyihalashga hamda sanoat jarayonlarini yaxshilashga qaratilgan. Pabyantisedagi fabrika faoliyatining kengayishi – shu harakatlarning muhim unsurlaridan biridir. Qiymati 300 million zlotiydan ziyod boʻlgan loyiha kompaniyaning ishlab chiqarish quvvatini va saqlash sigʻimini oshiradi hamda logistika, ishlab chiqarish va sifat nazorati raqamlashuvini dastaklaydi.
Pabyanitsedagi markaz faoliyati kengayishining birinchi bosqichi tayyor mahsulot va farmatsevtika materiallari uchun ikkita integratsiyalashgan ombor inshootlarini hamda farmatsevtika standartlariga muvofiq pardozlangan, umumiy hajmi 160 000 m3, foydalanishga yaroqli maydoni esa 19 000 m2 boʻlgan markaziy qadoqlash kompleksini qurish va uni foydalanishga topshirishdan iborat boʻldi.
Yangi omborlarning foydalanishga topshirilishi, Adamed kompaniyasining pallet joylari sonini uch karra oshiradi. Loyiha ishga tushguncha kompaniya 10 000 ta saqlash joyiga ega edi. Kompleks ishga tushgandan keyin ularning soni 34 000 taga yetadi. Logistika jarayonlari qayta tashkil etilishi va raqamlashuvi, tovar va materiallarni olishga sarflanadigan vaqtning uch karra qisqarishiga va kompaniyaning Polshadagi va xorijdagi mijozlariga taqdim qilinadigan logistika xizmatlari sifatining oshishiga olib keladi. Bundan tashqari yangi qadoqlash kompleksi kompaniyaning ishlab chiqarish quvvatini kengaytiradi va dori vositalari qadoqlanishi, jumladan seriyali ishlab chiqarilishi va agregatsiyasi samaradorligi darajasini oshiradi.
Adamed Pharma S.A faoliyatining strategik maqsadi – bemorlarning dori-darmonlardan foydalanish imkoniyatini uzluksiz taʼminlashdan iborat. Bu maqsadga erishish rejasi doimo bir xil boʻlgan va investitsiyalar va rivojlanishni oʻz ichiga olgan. Oxirgi yigirma yil ichida Adamed Pharma ilmiy-tadqiqot loyihalariga 1,9 milliard zlotiydan ortiq mablagʻ ajratdi. Kompaniya 2025-yilgacha investitsiya maqsadida yana bir milliard ajratishni reja qilgan. Taʼminot zanjiri va Polsha farmatsevtika sanoatida uzilishlar boʻlmasligini taʼminlashning ahamiyati, pandemiya inqirozi va Polshaning sharqiy chegarasidagi jangovar harakatlar kabi oxirgi voqealar va ular bilan bogʻliq yirik geosiyosiy oʻzgarishlar kontekstida yaqqol koʻrinib qoldi.
Adamed Pharma S.A. kompaniyasining bosh direktori va boshqaruv kengashining aʼzosi Bartlomey Rodavski fikricha: Markaz faoliyatining kengayishi, Adamed kompaniyasining rivojlanish strategiyasi va gʻoyalari, jumladan xavfsizlik hamda masʼuliyat va barqarorlik kafolatlari bilan mos keladi. Ishlab chiqarish va logistika markazi faoliyatini kengaytirishning kompleks dasturi Adamed kompaniyasining ishlab chiqarish quvvatining ikki karra oshishiga olib keladi. Natijada biz bozor talablariga qayishqoq va masʼuliyatli tarzda moslasha olamiz va Polsha bemorlari zamonaviy va samarali davolash usullaridan uzluksiz foydalanishlarini taʼminlaymiz.
Bosh pudratchi, ALSTAL Grupa Budowlana qurilish ishlarini tugatdi va kompleksni ishga tushirish uchun zarur ilgʻor uskunalar va texnologiyalar montajini yakunladi. Qadoqlash kompleksi hududida tizim sinovi bilan bir qatorda qadoqlash liniyalari va ixtisoslashtirilgan uskunalarni oʻrnatish ishlari hamon davom etmoqda va ishlar 2023-yil yanvar oyida yakunlanishi kutilmoqda. Loyiha yakunigacha jami 12 ta qadoqlash liniyalari oʻrnatiladi.
– Adamed Pharma uchun amalga oshirilayotgan loyiha kompaniyamiz uchun juda muhim ahamiyatga ega. Bu maxsus qurilgan kompleks qanday funksiya bajarishidan xabardormiz. Barcha ishlar standartlarga muvofiq tarzda va kelishilgan muddatlarda bajarildi. Hozirda investor kompleksni sanoatning eng yuqori talablariga javob beradigan mashina va uskunalar bilan jihozlamoqda. Yaqin kunlarda kompleksning ochilish marosimida qatnashishimizga ishonchim komil. Loyihani amalga oshirishdagi muvaffaqiyatli hamkorligimiz va sherikligimizga qoʻshgan hissasi uchun investorga, ishimizga sadoqati uchun esa ALSTAL xodimlari va hamkorlariga samimiy minnatdorchilik bildiraman. Ularsiz biz maqsadlarimizga erisha olmagan boʻlardik. – deydi ALSTAL Grupa Budowlana kompaniyasi kengashining prezidenti Yaroslav Shchupak.
Fotosurat materiali: ALSTAL Grupa Budowlana matbuot idorasi